Bola huquqlarini himoya qilishda parlament nazorati va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish muhimdir

Joriy yilning 16-noyabr kuni Oliy Majlis Senatida Oʼzbekiston Bola huquqlari toʼgʼrisidagi konvensiyaga qoʼshilganining 30 yilligiga bagʼishlangan davra suhbati boʼlib oʼtdi. Unda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, UNICEFning Yevropa va MDH mamlakatlari boʼyicha mintaqaviy direktori Аfshan Xan hamda boshqa bir qator rasmiylar ishtirok etdilar.
Davra suhbati avvalida Senat raisi 30 yil mobaynida amalga oshirilgan ishlar, baratarf etilgan kamchiliklar va yutuqlar haqida to’xtaldi. Shuningdek, yig’ilishda BMT Bola huquqlari qo‘mitasining O‘zbekiston uchun tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. UNICEF mintaqaviy direktori tavsiyalarni amalga oshirishda ikki muhim jihat, ya’ni parlament nazorati va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish muhimligini ta’kidladi.
BMT Bola huquqlari qo‘mitasi BHKning barcha tamoyillari va qoidalarini qonunchilikka kiritish va ularning tegishli organlar tomonidan amalda tadbiq etishni tavsiya qildi. Davra suhbati ishtirokchilari kamchiliklarni bartaraf etish va mamlakatda BHK ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun bola huquqlari sohasidagi qonunchilik tashabbuslari va ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildilar.
BMT Bola huquqlari qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatiga Konvensiyaning barcha sohalari bo‘yicha keng qamrovli siyosat, strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqishni hamda ularni amalga oshirish uchun yetarli insoniy, texnik va moliyaviy resurslarni ajratishni tavsiya qildi.
Senatorlar hamda vazirlik va milliy idoralar vakillari mazkur tavsiyani amalga oshirish, jumladan, Harakat dasturini monitoring qilish va hisobot tayyorlash bo‘yicha o‘z fikr va rejalari bilan o‘rtoqlashdilar. Buning uchun fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini ham mamlakatda bola huquqlarining amalga oshirilishi monitoringiga jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.






