Bolalik akademiyasi raqamli platformasi ishga tushirildi

UNICEF Xalqaro bolalar jamgʼarmasi bilan birgalikda “Bolalik Akademiyasi” yangi raqamli platformasi ishga tushirildi. U UNICEF, Microsoft, Cambridge universiteti va Dubai Cares tomonidan ishlab chiqilgan Learning Passport platformasiga asoslangan.

UNICEF Maktabgacha taʼlim vazirligi hamda "Bilim Makon" axborot va pedagogika texnologiyalari innovatsion markazi bilan birga "Bolalik akademiyasi" raqamli platformasinining taqdimoti o’tkazilib, ishga tushirdi.

Mazkur platforma maktabgacha taʼlim pedagoglarini malaka oshirish kurslari, mashgʼulot rejalari, qoʼshimcha oʼqish uchun materiallar, raqamli taʼlim va tarbiya resurslari bilan taʼminlaydi. Bularning bari "Ilk qadam" maktabgacha taʼlim davlat oʼquv dasturi va Oʼzbekiston Respublikasining erta va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishi boʼyicha davlat talablari asosida ishlab chiqilgan.

“Oʼzbekiston Markaziy Osiyoda ushbu innovatsion mahsulot joriy etilgan birinchi davlat boʼlganidan juda faxrlanamiz. Va u aynan maktabgacha taʼlim sohasida ishga tushirildi!
Ishonchim komilki, platforma mamlakatimiz oʼqituvchilarining haqiqiy yordamchisiga aylanadi. Bu yerda hamma narsani topish mumkin: normativ hujjatlar, rejalashtirish materiallari, eng soʼnggi ishlanmalar va yetakchi mutaxassislarning amaliy tavsiyalari. Ona sifatida esa, sizni ishontirib aytamanki, unda ota-onalar va bolalar uchun juda koʼp foydali narsalar mavjud”, deya ta’kidladi Maktabgacha taʼlim vazirligi Boshqarma boshligʼi Shahnoza Mirziyoyeva.

Mazkur texnologik innovatsion gʼoya butun mamlakat boʼylab maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qatnashi yoki qatnamasligidan qatʼi nazar, yuqori sifatli oʼquv resurslaridan foydalanish imkonini beradi.

"Bilim Makon" markazi direktori Oyatullo Rahmatullayevning soʼzlariga koʼra, pedagoglar – bola hayotiga eng koʼp taʼsir koʼrsatadigan shaxslardan biri. Ular malaka oshirish kurslarida oʼqib, yangi bilim va koʼnikmalarni egallashlari va uni oʼz ish faoliyatlarida qoʼllashlari mumkin boʼladi.

Tarbiyachilar zamonaviy va ilgʼor taʼlim amaliyotlaridan foydalanganda bolalar jismoniy, hissiy va taʼlimiy jihatdan oʼsishga erishadi. "Bolalik akademiyasi" pedagoglarimizning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun katta qulayliklar taqdim etadi.

"Bolalik akademiyasi"ni ishga tushirish orqali Oʼzbekiston boʼylab 20 mingga yaqin pedagogni qamrab olish, 1,5 millionga yaqin bolalarning oʼqish va rivojlanish natijalarini yaxshilash koʼzda tutilgan.