Britaniyalik milliarder «Manchester United»ni sotib olmoqchi

Ma’lum qilinishicha, Buyuk Britaniyalik milliarder, “Ineos” kimyo kompaniyasi rahbari Jim Retkliff "Manchester United" klubini Gleyzerlar oilasidan sotib olish istagida ekanligini tasdiqlagan.

Qayd etilishicha, "Biz bu jarayonda rasman ishtirok etyapmiz", — deya ta’kidlagan milliarderning vakili.

Hozirda potensial xaridorlar rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerak bo‘lgan bosqich mavjud va Retkliff birinchi bo‘lib buni amalga oshirgan.

Shuningdek, AQSH va Yaqin Sharqdagi investorlar tomonidan ham arizalar taqdim etilishi kutilmoqda. Klubni sotib olishdan manfaatdor tomonlar maxfiy moliyaviy hujjatlarni ko‘rib chiqishlari va ehtimoliy xariddan oldin tegishli tekshiruvdan o‘tishlari kerak.

Rasmiy takliflar kelasi oydan boshlanishi kutilmoqda va "United" mavsum oxirigacha yangi xaridorga ega bo‘ladi.

"Manchester United"ning hozirgi egalari sotuvdan taxminan 5 mlrd funt olishmoqchi.

P.S. Forbes nashri Jim Retkliffning boyligini 16,3 mlrd dollarga baholagan.