Bryusselda Oʼzbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik qoʼmitasining 18-yigʼilishi boʼlib oʼtdi

Joriy yilning 6-iyul kuni Bryussel shahrida Oʼzbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik qoʼmitasining 18-yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Yevropa delegatsiyasiga Yevropa tashqi harakatlar xizmati Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʼyicha boshqaruvchi direktorining oʼrinbosari Lyuk Devin boshchilik qildi, Oʼzbekiston tomonidan esa tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari L.Kudratov ishtirok etdi.

Tadbir davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Yevropa tomoni Oʼzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʼrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʼgʼrisidagi bitim matni boʼyicha muzokaralar jarayoni yakunlangani va hujjat kelishiganini olqishladi. Bitimning parafirlanayotgan loyihasi hamkorlikda olib borilgan astoyidil saʼy-harakatlarining mevasi ekanligi taʼkidlandi. Hujjat Oʼzbekiston va YeI munosabatlarida mutlaqo yangi sahifani ochishga zamin yaratdi.

Yaqin va uzoq istiqbolga moʼljallangan hamkorlik rejalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilda Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi oʼzaro bogʼliqlikni mustahkamlash boʼyicha Vazirlar uchrashuvi va xalqaro konferensiya oʼtkazilishi rejalashtirilgan. Tomonlar, shuningdek, Bryusselda “Oʼzbekiston – YeI” hamkorlik Kengashining navbatdagi yigʼilishini tashkil qilish muddatlarini yaqin vaqt ichida belgilashga kelishdilar.

Muzokaralar yakunida Yevropa komissiyasining 2027-yilgacha boʼlgan dasturiy sikli doirasida qoʼshma tashabbuslarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilishini jadallashtirish maqsadida hamkorlikda ish olib borishga kelishildi.