Bu savob ishning ajr-u mukofoti juda ulkan - Prezident

Prezidentimiz Qashqadaryoga safari chog‘ida oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar bilan uchrashdi.

Davlatimiz rahbari safari davomida mehribon insonlar - Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor To‘rayev va Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashdi.

“Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bag‘riga olganingiz uchun sizlarga ta’zim qilib, rahmat aytaman. Siz o‘zligimizni, xalqimiz ma’naviyatini namoyon etib, namuna bo‘layapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratayapsiz, o‘zingizga ma’naviy haykal qo‘yayapsiz. Xalqimiz bunday olijanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev

Prezident bolajonlarga ham murojaat qilib, dalda berdi.

“Hayot o‘nqir-cho‘nqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga o‘rnak bo‘lasizlar. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik ko‘rib, katta bo‘lganman. Sizlar har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lasiz: ta’lim-tarbiyangiz, o‘qishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni ko‘rish hammamizga nasib etsin”, dedi davlat rahbari.

Qashqadaryo viloyatida jami 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 98 nafar o‘g‘il-qiz mehr og‘ushiga olingan. Prezidentimiz ushbu oilalarga ham minnatdorlik bildirdi.