Bugun mamlakatimiz to‘qimachilik sohasi yangi nafas bilan jadal rivojlanmoqda

“Bright Uzbekistan” ijodiy jamoasi yangi hamkorlik doirasidagi yana bir uchrashuvni amalga oshirdi.

Xabaringiz bor, loyiha ijodiy jamoasi o‘zining har bir chiqishida mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin tutuvchi sohalarni keng o‘rgangan holda, o‘z kuzatuvchilari uchun qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etishga harakat qiladi.

Bu galgi safar manzili «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bo‘ldi. Uyushma raisi o‘rinbosari Davron Vahobov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, dastavval, “Bright Uzbekistan” loyihasi mazmun-mohiyati va maqsadlari haqida so‘z bordi. Shuningdek, mamlakat yengil sanoatida muhim o‘rin tutuvchi to‘qimachilik sanoatining bugungi rivoji va mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan korxonalarning mamlakat rivojiga qo‘shayotgan hissasi, eksport masalalaridagi ulushi xususida ham atroflicha mulohazalar yuritildi.

Ma’lumki, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tashkil etilgan. Farmonga binoan uyushma paxta xomashyosini qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha yagona kompleks hisoblanadi.

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi mamlakatning iqtisodiy o‘sishiga ko‘mak berib kelayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratib, ijtimoiy masalalarni hal qilishda muhim imkoniyat yaratayotgan, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining doimo takomillashib borishiga ulkan xissa qo‘shib kelayotgan yirik tashkilot hisoblanadi.

Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda loyiha jamoasi hamda uyushma raisi o‘rinbosari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikka kelishib olindi.