«Bukhara City»da toʻrt yulduzli mehmonxona faoliyat boshladi

“Bukhara City” majmuasida 4 yulduzli “Turon City Plaza” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Bu majmuada foydalanishga topshirilgan ilk inshootdir. Qayd etilishicha, mehmonxonaning loyiha qiymati 85 mlrd soʻmni tashkil etadi.
Mehmonxona 105 xonadan iborat boʻlib, 200 oʻringa moʻljallangan va 51 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Ishchi-xodimlarning aksariyat qismi turizm texnikumi bitiruvchilari sanaladi.
Ta’kidlash kerakki, “Turon City Plaza”da imkoniyati cheklangan mehmonlar uchun alohida xonalar va infratizim yaratilgan. Shuningdek, nozik didli xorijlik va mahalliy sayyohlarning barcha xohish va istaklari inobatga olinib, ularga turli sayohatlar uyushtirish uyushtirish uchun mikroavtobus, avtoturargohlar tashkil etilgan.
Mehmonxonadagi musiqiy favvora, restoran, zamonaviy SPA-markazi, fitnes klub, ochiq va yopiq suv havzalari, “fitobar” har bir mehmonning boʻsh vaqti mazmunli oʻtishini taʼminlaydi.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, “Bukhara City” majmuasida 1 ming 717 ta savdo doʻkoni, 36 ta umumiy ovqatlanish, shuningdek, yuzdan ortiq maishiy va texnik xizmat koʻrsatuvchi shaxobcha, avia va temir yoʻl kassasi, bank filiallari, koʻngilochar va axborot markazlarini oʻz ichiga olgan “Karvon Shopping Centre” savdo majmuasi foydalanishga topshirilish arafasida.






