«Butunjahon halol sammiti»: O‘zbekiston oshpazlari sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritmoqda

Joriy yilning 24–26-noyabr kunlari Istanbul koʻrgazmalar markazida (IFM) "Butunjahon halol sammiti 2022" va sammit doirasida halol taomlar chempionati bo’lib o’tmoqda.

Unda ishtirok etgan, Oʻzbekiston Oshpazlar uyushmasi jamoasi navbatdagi sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.

Tadbir Turkiya Prezidenti homiyligida, Islom savdosini rivojlantirish markazi (ISDT) va Islom mamlakatlari standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC), shuningdek, Butunjahon Islom pazandachilik platformasi (WICS) koʻmagida oʻtkazilmoqda.

An’anaga koʻra, tadbirda davlat idoralari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, olimlar, ekspertlar, umumiy ovqatlanish sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Ma'lumot o’rnida, sammitda 80 ta davlatdan delegatlar va mehmonlar qatnashadi. Qayd etish joizki, sammit bilan bir vaqtda “Halal Expo 2022” koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtmoqda. Unda mehmonlar, jumladan, umumiy ovqatlanish bozoridagi eng yangi texnologiyalar va tendensiyalar bilan tanishishlari mumkin boʻladi.

Sammit tajriba almashinuviga koʻmaklashish, halol mezonlari boʻyicha pazandachilikni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, kasb mahoratini oshirish, dunyo boʻylab mutaxassislar oʻrtasida tajriba almashish, bu boradagi zamonaviy tendensiyalarni aniqlashga qaratilgan.