Buxoroda eksportchilar faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko’rish doirasida 22-iyul kuni Buxoro shahrida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xodjayev rahbarligida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo'yicha Hukumat komissiyasining ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning bevosita faoliyati davomida yuzaga keladigan dolzarb muammolarni muhokama qilish va hal etishga bag'ishlangan ochiq yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Buxoro viloyati tumanlari va shaharlaridagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, shuningdek, viloyatning barcha tuman va shaharlaridan 100 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Tadbir davomida 50 dan ortiq muammoli masalalar, jumladan, kredit resurslarini ajratish, eksportchilar tomonidan amalga oshirilgan xarajatlarni qoplash, kreditlarni to'lash muddatlarini uzaytirish, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish, ilgari to'langan qo'shilgan qiymat solig'i summalarini qaytarish va boshqa jihatlar muhokama qilindi.

Tadbirkorlar tomonidan bildirilgan 30 tadan ko'proq masalalar bo'yicha tezkor choralar ko'rilib, ularni amalga oshirish bo'yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, tadbirkorlarning Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni yanada rag'batlantirish bo'yicha istiqbolli g'oyalari va takliflari ko'rib chiqildi.

Yig'ilish yakunlari bo'yicha yakuniy bayonnoma qabul qilindi hamda mutasaddi rahbarlarga qo'yilgan vazifalarni samarali bajarish yuzasidan qo'shimcha topshiriqlar berildi.