Buxoroda yangi issiqlik elektr stansiyasi elektr quvvati uzatishni boshladi

2021 - yil 31 - dekabr kuni Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirilgan edi.
Mazkur elektr stansiya kecha, 11 - yanvar kuni soat 16:32 da O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi
Ta'kidlanishicha, ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, viloyatning 80 foiz iste’molini qoplaydi.
Qurilmalarning foydali ish koeffitsienti yuqoriligi hisobiga yiliga 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Mazkur investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2021- yil 4- martdagi qaroriga muvofiq davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirildi.
Umumiy qiymati 150 million AQSH dollari teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar hisobiga amalga oshirildi.






