Buxoroda yangi «Qorako‘l» EIZ quriladi

Buxoro viloyatida yangi “Qorakoʼl” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) quriladi. Erkin iqtisodiy zonada MTO texnologiyasi asosida qurilayotgan gaz-kimyo majmuasiga (GHK) asos solinadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyulda qabul qilingan VMQ-357-son qarori bilan yakuniy mahsulot ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali turdosh tarmoqlarni rivojlantirishga hissa qoʼshadigan sanoat klasterini qurish boshlandi.
Majmua yiliga 730 ming tonnagacha polimer mahsulotlari ishlab chiqaradi va mamlakatdagi eng yirik polimer ishlab chiqaruvchi va metandan bunday materiallar ishlab chiqaradigan dunyodagi kam sonli korxonalardan biriga aylanadi.
“Bu mamlakatimiz energetika sanoatini rivojlantirish yoʼlidagi muhim qadam boʼlib, Oʼzbekiston Respublikasi va Markaziy Osiyoda yirik gaz-kimyo loyihalarini amalga oshirish uchun birinchi sanoat platformasini yaratishga xizmat qilmoqda. Klaster hudud rivojiga va 2300 dan ortiq yangi ish oʼrinlari yaratilishiga xizmat qiladi, – deydi SEG bosh direktori oʼrinbosari, MTO loyiha menejeri M.Shakirov.
“Qorakoʼl” EIZ rezidentlari uchun bir qator soliq, normativ va boshqa imtiyozlar nazarda tutilgan. Xususan, 10 yil muddatga mol-mulk va suv taʼminoti uchun soliq imtiyozlari, asbob-uskunalar va xomashyoni bojsiz olib kirish huquqi berilgan. Shuningdek, aksizlar va daromad soligʼi 50 foizga kamaytirilib, boshqa imtiyozlar qoʼllaniladi.






