Buxorolik ixtirochilar nogironlar uchun robot qo‘l yaratdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Startap (Startup) tanlovi doirasida moliyalashtirilgan o‘quv markazida hali bunga o‘xshagan yana o‘nlab ixtirolar ustida ish olib borilmoqda.

Buxorolik yosh ixtirochilar tomonidan yaratilgan yangi texnologiya ya’ni robot qo‘l nogironlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u mushaklarga biriktirilgan sensor orqali signal oladi. Ularni boshqaruvchiga yuborib, odamning aqliy qobiliyati natijasida harakatga keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, INT42H innovatsion loyihasining dunyoda analogi yo‘q. U ishga tushgandan keyin loyihaning neyron tizim algoritmlari, dasturiy ta’minoti uchun patentlashtiriladi. Bu orqali yurtimizda sun’iy intellektni rivojlanishi uchun ilk qadam tashlanishi ham mumkin.

Avvalo bir jihatga e’tibor qaratmoqchimiz, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan Startap tanlovida “Blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda sun’iy intellektga asoslangan onlayn ta’lim uchun platforma” loyihasida buxorolik yosh ixtirochilar 584,5 million so‘mlik grant sohibiga aylangan edi. Bu muvaffaqiyat tez orada o‘z mahsulini berdi. "RobotsAndMe” jamoasining bu ishlanmasi Usmon Karimov kabi yoshlarning orzulari ro‘yobiga xizmat qildi.

Muhimi, yangicha qarash bilan kamolga yetayotgan Yangi O‘zbekistonning barkamol avlodi uchinchi renessans sari dadil qadam tashlashida bu platforma ham muhim ahamiyat kasb etadi.