Buyuk Britaniya Davlat vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2021 yil 14 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev Janubiy Osiyo va Buyuk Britaniya Hamdo‘stligi ishlari bo‘yicha Davlat vaziri Lord Tarik Ahmad bilan uchrashdi.

Buyuk Britaniya Davlat vaziri O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jumladan o‘tgan besh yil mobaynida erishilgan natijalarni yuqori baholadi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston pandemiya sharoitida iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan sanoqli davlatlardan biriga aylandi. Davlat boshqaruvi tizimi samaradorligi oshmoqda, gender tenglik mustahkamlanmoqda, OAV va fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ta’siri kuchaymoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Parlamentlararo aloqalar sohasida, shuningdek, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, ta’lim va boshqa sohalarda munosabatlar faollashdi.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi vaziyat va bu mamlakatdagi keyingi voqealar rivoji yuzasidan fikr almashildi.