«Buyuk ipak yo‘li» xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 23-avgust kuni Samarqandga keldi.
Markazdan o‘rin olgan “Boqiy shahar” majmuasi hovlisida samarqandlik nuroniylar, ziyolilar bilan samimiy suhbat bo’ldi. Ushbu inshootlar xayr-barakali bo‘lishini, bunday yaxshiliklar ko‘p bo‘lishini tilab, duo qilindi.
Shundan so‘ng “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Unda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, barchani ushbu quvonchli voqea bilan tabrikladi.
“Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi yana bir salmoqli, zafarli natija bo‘ldi. Qadimiy va navqiron Samarqand bag‘rida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulug‘vor me’moriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin, buyursin”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
2019-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan katta ambitsiyali loyiha boshlandi - Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda ulkan majmua qurishga kirishildi. Avvalo, tajribali me’mor va muhandislardan iborat xalqaro jamoa jalb etilib, puxta loyiha ishlab chiqildi. Davlatimiz rahbari bu yerga bir necha marta kelib, qurilishni milliy me’morchilik an’analarimiz va odamlarga qulaylik jihatidan takomillashtirdi. Bunyodkorlik ishlarida malakali quruvchilarimiz bilan birga Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yetuk mutaxassislari ishtirok etdi.
Bu ko‘p tarmoqli markaz tarkibida 8 ta zamonaviy mehmonxona, Kongress xoll, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar bor. U yiliga 2 million turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
“Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham me’moriy obidalarga munosib bo‘lib, ularning tarixiy an’analarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik bo‘ladi, deb ishonaman”, - deya ta’kidladi Prezident.






