«Chirchiq» kimyo-industrial texnoparki: OAV vakillari uchun maxsus press-tur

Bugun, Toshkent viloyatida joylashgan “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki bo’ylab OAV vakillari uchun press-tur tashkil etilib, unda soha vakillariga texnopark tarixi, hozirgi kundagi faoliyati, hududdagi maxsus iqtisodiy zonalar, ish jarayonlari va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlash joizki, “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki Oʼzbekiston Prezidentining “Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Shuningdek, “Oʼzkimyosanoat” АJ Kuzatuv Kengashining qaroriga muvofiq Texnoparkda qurilish-montaj ishlarida buyurtmachi vazifasini bajarish va kelgusida bino-inshootlarni balansda saqlovchi hamda mazkur bino-inshootlarga xizmat koʼrsatuvchi sifatida faoliyat olib boruvchi “Oʼzkimyosanoat” АJ qoshida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki Direktsiyasi” tashkil etilgan.
Bundan tashqari, “Oʼzkimyosanoat” АJ va “Ximgrad” АJlarning (Tatariston Respublikasi) Kuzatuv Kengashi qarorlariga muvofiq Texnopark investitsiya faoliyatini boshqarish, investitsiya loyihalarni tanlab olish, rezidentlar bilan oʼzaro munosabat oʼrnatuvchi, ularga “yagona darcha” tamoyili asosida marketing, PR va GR xizmatlari koʼrsatuvchi “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki boshqaruv kompaniyasi” tashkil etilgan.
“Chirchiq” Texnoparki hududi jami 29,02 gektarni tashkil etib, 3 ta maydonga boʼlingan, va ta’kidlanishicha aynan shu sababli qurilish-montaj ishlari bosqichma-bosqich obyektlar kesimida tashkil etilgan.
Ma’lumot o’rnida, texnoparkda 1 va 2-Maydon – “Olmaliq KMK” АJning nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʼyicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining yuqori va pastki maydonlari sanalsa, 3-Maydon – “Maksam-Chirchiq” АJning 51-sonli metalli natriy ishlab chiqarish sexi hisoblanadi.
Hozirgi kunda ushbu ulkan texnopark, xorijiy va mahalliy tadbirkorlik subyektlari uchun katta imkoniyatlar va maksimal darajadagi qulaylik taqdim etib kelmoqda.






