Chorrahalarda raqamli boshqaruv tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-aprel kuni “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Unga ko’ra, 2022-yil 1-dekabrdan haydovchilarga yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun jarima ballarini hisoblash tizimi joriy etiladi.

Mazkur tizim quyidagilarni nazarda tutadi:

har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab boriladi;
hisoblangan jarima ballari belgilangan miqdordan oshgan hollarda haydovchi ma’lum muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan o‘rnatilgan tartibda mahrum qilinadi;
muayyan davr mobaynida yo‘l harakati qoidabuzarligi sodir etmagan haydovchilarga keyinchalik hisoblangan jarima ballarini qisqartirish orqali rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2023-yil yakunigacha poytaxtning barcha chorrahalarida, shuningdek, Nukus shahri va viloyatlar markazlarining yirik asosiy serqatnov chorrahalarida, 2024-yil yakunigacha Nukus shahri va viloyatlar markazlarining barcha chorrahalarida raqamli boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

2022-yil 5-apreldan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi tashkil etiladi.

2022-yil 1-iyuldan respublikaning barcha tuman (shahar)lari kesimida “Xavfsiz yo‘l” indeksi yuritiladi. Bunda:

indeks doirasida yo‘l infratuzilmasi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishining holati 29 ta indikator bo‘yicha har chorak yakunida baholab boriladi;
tuman (shahar)lar indeks ko‘rsatkichlari asosida yo‘llarda harakat xavfsizligini tashkil etishning holati bo‘yicha “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.