«Cirium» dunyodagi eng yirik aeroportlar faoliyatini sarhisob qildi

Aviatsiya sanoatiga oid ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bo‘yicha "Cirium" xalqaro kompaniyasi dunyodagi eng yirik aeroportlar faoliyatini sarhisob qildi. Unga ko‘ra, Frankfurt-Mayn aeroporti reytingda birinchilikni, Istanbul aeroporti ikkinchilikni egallagan bo’lsa, Parijning Sharl-de-Goll aeroporti kuchli uchlikni yakunlagan.

Reytingda birinchilikni qo’lga kiritgan dunyoning eng gavjum aeroporti Frankfurt-Mayn aeroportiga 330 ta yo‘nalishda parvozlar amalga oshiriladi. Ikkinchi o’rindagi Turkiya aeroporti esa 309 ta yo‘nalishga ega. Kuchli uchlikka Parijning Sharl-de-Goll aeroporti 308 ta yo‘nalishli parvozlar bilan yakun yasaydi.

Amsterdamning Sxipxol aeroporti to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan bo’lsa, AQSHdagi Chikago O’Xara aeroporti beshinchi, Dallas-Fort-Uert aeroporti esa oltinchi o‘rinda ko’rsatilgan.

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay xalqaro aeroporti yettinchilikni qo’lga kiritgan bo’lsa, sakkizinchi o‘rinni Angliya poytaxtidagi Xitrou aeroporti egalladi. To‘qqizinchi pog’onada Rimdagi Fyumichino xalqaro aeroporti ko’rsatilgan va o’nlikka Amerikaning Denver aeroporti yakun yasagan.