Clarivate Analytics kompaniyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi oʼrtasida hamkorlik oʼrnatildi

Clarivate Analytics kompaniyasi vakillari, Jahon Bankining Oʼzbekiston Milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish loyihasi rahbari D.Аzgarov va Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari oʼrtasida uchrashuv boʼlib oʼtdi.

Onlayn uchrashuvda Clarivate Analytics kompaniyasining taʼlim dasturlari rahbari V.Bogorov, Germaniya, Boltiqboʼyi davlatlari, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda mijozlarga xizmat koʼrsatish menejeri А.Trifonova, Innovatsion rivojlanish vazirligi Fan va innovatsiyalarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi yetakchi mutaxassisi J.Shomutalov, Ilmiy-texnik axborot markazi direktori А.Аbduvaliev, Ilmmetriya sektori mudiri D.Аbdumuminovalar ishtirok etishdi.

Boʼlib oʼtgan suhbat davomida tomonlar mamlakatdagi ilmiy faoliyat va xalqaro bazalar hamda ilmiy jurnallarning oʼrni haqida gapirib oʼtishdi. Shuningdek, Clarivate Analytics kompaniyasi vakillari olimlarning faoliyatini qoʼllab-quvvatlash maqsadida qulayliklar yaratilganligi haqida maʼlumot berishdi.

Uchrashuv soʼngida Clarivate Analytics kompaniyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi oʼrtasidagi kelishuvlar asosida 2023-yildan Oʼzbekiston olimlariga Clarivate Analytics jahon ilmiy resurslaridan foydalanish imkoniyati taqdim etildi.