Rasman: Coca-Cola smartfoni taqdim etildi

Realme kompaniyasi 10 Pro smartfonining yangi versiyasini – mashhur gazlangan ichimlikning korporativ uslubida ishlab chiqilgan “Coca-Cola Edition”ni namoyish etdi. Qayd etilishicha, martfon 6,7 dyuymli 2400x1080 pikselli yangilanish tezligi 120 Gts bo’lgan IPS-displeyiga ega. Ma’lumotlarga ko’ra, Realme 10 Pro Coca-Cola Edition sotuvi 14-fevraldan boshlanadi.
Qurilma “Qualcomm” kompaniyasining Snapdragon 695 chipi bilan ishlaydi, u 8 Gb tezkor xotira va 128 Gb ichki xotira bilan jihozlangan. Smartfonda 16 MP old, 108 MP asosiy va 2 MP qo'shimcha kamera mavjud.
“Coca-Cola Edition” maxsus dizaynga ega bo’lib, uning g’ilofi qora va qizil ranglarda gazlangan ichimlik logotipi bilan ishlangan, interfeysda ham Coca-Cola uslubidagi piktogramma va fon rasmlari mavjud. Shuningdek, maxsus animatsiyalar va tizim tovushlari ham kiritilgan.
Bundan tashqari, smartfon Coca-Cola shishasining qopqog'i uslubida ishlab chiqarilgan SIM-kartani yechib olish qisqichi, shuningdek, qurilmaning seriya raqami ko‘rsatilgan karta bilan birga taqdim etiladi.
Hozircha qurilmaning chiqarilishi faqat Hindiston bozorida tasdiqlangan. Uning narxi 20 999 hind rupisi (taxminan 260 dollar) miqdorida bo'lishi kutilmoqda. Smartfon keyinroq Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham chiqarilishi aytilgan.






