2023-yilda COVID-19 va mpox pandemiyalari bekor qilinishi mumkin

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti kelgusi yil davomida koronavirus va mpox (maymun chechagi) pandemiyalarini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Qayd etilishicha, bu har ikki kasallikdan oʼlim koʼrsatkichlari sezilarli darajada kamayayotgani bilan bogʼliq.
Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning taʼkidlashicha, shunga qaramay, insoniyat 2023-yilda qator muammolarga duch kelishi mumkin. Bunga baʼzi mamlakatlarda koronavirusga qarshi emlash darajasi pastligi, diagnostika va davolash vositalari yetishmasligi sabab boʼladi.
Bayonotda keltirilishicha, 2022-yilda mpox epidemiyasi dunyoning 110 davlatida 82 ming nafardan ortiq bemorda qayd etildi va shu sababli iyul oyida kasallik pandemiya deb eʼlon qilindi.
Shundan buyon Yer yuzida mazkur infeksiyaning tarqalishi 90 foizdan ziyod kamaydi. Аgar bu tendentsiya davom etsa, 2023-yilda pandemiya yakunlangani eʼlon qilinadi. Shuningdek, ta’kidlanishicha, bu holat Ugandadagi Ebola epidemiyasi bilan ham kuzatilmoqda.
P.S. Ammo Аfrikadagi qurgʼoqchilik, ocharchilik, 29 mamlakatda davom etayotgan vabo epidemiyasi, yiliga 8 milliondan ortiq odamning hayotiga zomin boʼlayotgan kashandalik, notoʼgʼri ovqatlanish, semizlik, qandli diabet, saraton va yurak-qon tomir kasalliklari koʼpayishi, OIV, bezgak va silga qarshi kurash jarayonining sustlashuvi kabi global muammolar insoniyat salomatligiga jiddiy tahdid solmoqda.






