Darsliklar nafaqat tekin boʼladi, balki sifat jihatdan ham tanqidiy koʼrib chiqiladi

Maktab darsliklariga oid davlat rahbarining tegishli topshirigʼidan soʼng, Prezident Аdministratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov mazkur masala boʼyicha tanqidiy yigʼilish oʼtkazdi.
Unda barcha maktab darsliklarini kompleks tekshiruvdan oʼtkazish, ulardagi mavjud xato va kamchiliklarni aniqlash, sifatini yaxshilash boʼyicha Prezident Аdministratsiyasi, Xalq taʼlimi vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi va yana bir qator tashkilotlarning masʼul vakillaridan iborat katta ishchi guruh tuzildi.
Hisob palatasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi va Xalq taʼlimi vazirligiga 1 oy muddatda darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy koʼrib chiqish, davlat buyurtmasi bajarilishining shaffof va samarali tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.






