Davlat OTMlarga onlayn-qabul 20-iyundan boshlanadi

Davlat OTMlarga kirish uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish 20-iyundan 20-iyulgacha davom etadi. Chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun esa qabul 10-iyulga qadar amalga oshiriladi. Shuningdek, abituriyentlarga 5 tagacha yo‘nalish bilan birga ta’lim shaklini ham tanlash imkoniyati beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tish interaktiv davlat xizmatlari yagona portali va Davlat test markazi veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ro‘yxatga olish 10-iyulgacha (shu kuni ham) amalga oshiriladi.

Prezident qaroriga ko‘ra, abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini (kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy) tanlash huquqi beriladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.