«Davlat qarzi toʼgʼrisida»gi Qonun koʼrib chiqildi

Senatining yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida “Davlat qarzi toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi. Qonun bilan davlat qarzi va unga xizmat koʼrsatish xarajatlarining ustuvorligi, davlat qarzining cheklangan hajmlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining davlat qarzini boshqarishdagi vakolatlarni belgilash koʼzda tutilgan.
Shuningdek, qonunni ishlab chiqishda davlat qarzini boshqarishda parlament va jamoatchilik nazoratini oʼrnatish boʼyicha samarali yaxlit tizimni yaratishga eʼtibor qaratilgan.
Qonun normalariga muvofiq davlat qarzini boshqarish sohasidagi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlisi palatalari, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va Moliya vazirligining vakolatlari belgilanmoqda.
Xususan, Moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish boʼyicha vakolatli organ etib belgilanmoqda.
Davlat qarzi va davlatning shartli majburiyatlari boʼyicha xatarlarni boshqarish, davlat qarzini boshqarishning asosiy printsiplari, maqsadlari va strategiyasi hamda davlat qarzi boʼyicha majburiyatlarni oʼz vaqtida
va toʼliq bajarilishi, davlat qarzini barqaror darajada saqlashga qaratilgan normalar aniq belgilab berilmoqda.
Davlat qarzi toʼgʼrisidagi maʼlumotlar va shu bilan bogʼliq jarayonlar haqida fuqarolarimizni toʼliq xabardor qilish tartibi ham Qonunda oʼz ifodasini topgan.
Shu maqsadda, Moliya vazirligi tomonidan davlat qarzining holati va oʼzgarishi toʼgʼrisidagi axborotlar yilning har choragida oʼz rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi belgilangan.
Davlat qarzi toʼgʼrisidagi axborotning ochiqligi va va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.






