Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlariga ko‘proq mahalliy quruvchilarni jalb etish zarurligini ta’kidladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Dastlab Olimpiya shaharchasi bo‘yicha takliflar hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti loyihasi ko‘rib chiqildi.
Olimpiya shaharchasi 2025-yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini qabul qiladi. Davlatimiz rahbari sport majmualarining universal bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, taqdimotda “Yangi O‘zbekiston” universiteti loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidan joy ajratilib, o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport majmuasi qurilishi loyihalashtirilgan.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.
“Ixtisoslashtirilgan maktablar – bizning zaminimiz. Ularda bolalarimiz bilimli, barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Universitet bu tizimning davomi bo‘lib, mamlakatimiz uchun kerakli, zamonaviy mutaxassislar tayyorlaydi. Shuning uchun bu yerda barcha shart-sharoit, ilg‘or metodika bo‘lishi kerak” – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlariga ko‘proq mahalliy quruvchilarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Taqdimotda ko‘rsatilgan navbatdagi loyiha ham yoshlar kamolotiga qaratilgan. Unga ko‘ra, mahallalarda stadion, o‘yin maydonchalari, kutubxona, oshxona, hammom va boshqalarni o‘z ichiga olgan markazlar barpo etish ko‘zda tutilgan.






