Davlatimiz rahbari Hindiston – Markaziy Osiyo sammitida ishtirok etadi

 
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-yanvar kuni videoanjuman shaklida oʼtadigan “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitida ishtirok etadi.
 
Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan tashkil etilayotgan oliy darajadagi uchrashuv kun tartibiga muvofiq, koʼp tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish, mintaqaviy bogʼliqlikni kuchaytirish hamda mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash masalalari koʼrib chiqiladi.
 
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar, transport va logistika, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratiladi.
 
Sammit yakunida doʼstlik munosabatlarini va ustuvor yoʼnalishlarda uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan Dehli deklaratsiyasini qabul qilish koʼzda tutilgan.