Davlatimiz rahbari soha vakillarini qoʼllab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yoʼnalishda tashabbuslarni bildirdi

Birinchi yoʼnalish – korxonalarni toifalarga ajratib, ularni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha alohida yondashuvni belgilash.
Bunda, korxonalar yillik aylanmasi boʼyicha toifalarga ajratiladi. Bular:
1 milliard soʼmgacha boʼlgani – mikro biznes;
10 milliard soʼmgacha boʼlgani – kichik biznes;
100 milliard soʼmgacha boʼlgani oʼrta biznes toifasiga kiradi.
Shundan kelib chiqib 2023-yil 1-yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha boʼlgan stavkalari oʼrniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.
Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlab qolinadi.
Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million soʼm toʼlasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi.






