Davlatimiz rahbari tarixiy va zamonaviy qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi

Joriy yilning 7-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand va Xorazm viloyatlarida barpo etilayotgan majmualarning qurilish loyihalari bilan tanishdi.
Samarqand viloyatida yangidan barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasining ichki va tashqi ko’rinishga oid chizmalar ko’rib chiqildi.
Unga ko‘ra, majmua devorlari milliy naqshlar, pardozbop toshlar bilan sayqallanadi. Imom Buxoriy bobomiz maqbarasida naqqoshlik va xattotlik san’ati uyg‘unlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qur’oni karim suralari va hadislar yoziladi. Barcha pardozlash ishlarida yorqin, “issiq” ranglardan ko‘proq foydalaniladi.
Shuningdek, Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, u yerda universitet, maktab va bog‘cha, IT park, fan va madaniyat markazlari, sport majmuasi barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy maydoni bo‘lib, buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi.
Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi ham qurilmoqda. Bugungi kunda jasur sarkardaning muhtasham haykali o‘rnatilgan. Atrofdagi qariyb 8 gektar maydon obodonlashtirilmoqda.
2020-yil 22-oktabrda “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.
Prezidentimiz loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Davlatimiz tomonidan sport rivojiga katta e’tibor qaratilib, zarur infratuzilma yaratilmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. 160 gektarni egallaydigan mazkur shaharchada universal stadion, ochiq va yopiq sport majmualari, yotoqxona, mehmonxona, Chirchiq daryosida eshkak eshish havzasi barpo etiladi.
Mamlakatimizda sayyohlar uchun keng sharoit yaratilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilmoqda. Prezidentimizga shu boradagi ishlar haqida ham ma’lumot berildi.






