Davlatimiz rahbari yangi texnopark maydonida bo‘ldi

2021-yil 4-fevral kuni O‘zbekiston Prezidentining “Toshkent shahrida “Yangihayot” industrial texnoparkini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Prezident Yangihayot tumaniga tashrifi chog‘ida ushbu texnopark quriladigan maydonida bo‘ldi.

Mazkur texnopark uchun 210 gektar maydon ajratilgan. Shundan 150 gektari ikki bosqichda auksion savdolariga chiqariladi. Tadbirkorlar sotib olingan yerning mulkdori bo‘ladi va korxonalarni o‘zlari quradi.

“Toshkentda yer tanqis, kelgusida bunday maydonlar topilmaydi. Har bir qarich yerdan unumli foydalanish kerak. Shuning uchun korxonalar ko‘p qavatli qilib qurilgani ma’qul”, dedi Prezident.

Bu yerda joylashtiriladigan korxonalarda 20 ming ish o‘rni yaratilishi ko’zda tutilgan. Umuman olganda, texnopark ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu asosda aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu yerda Yangihayot tumanidagi korxonalar mahsulotlari ham namoyish etildi.