«Demo-kun» tadbiri oʼtkazildi

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yashnobod innovatsion texnoparki «Biznes Inkubator» dasturi tashkil qilinib, unda 18 yoshdan kichik boʼlmagan tashabbuskor yoshlar, talabalar, tadbirkorlar va ilmiy xodimlar ishtirok etdilar.

Dasturning asosiy maqsadi - yoshlar, yosh tadbirkorlar, ixtirochi olimlarga ularning gʼoyalarini samarali biznes-modelga aylantirish, biznes boshqaruvda koʼmak berish, tadbirkorlar, olimlar va tashabbuskor yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini oshirishdan iborat.

3 oy davom etgan dasturda qatnashchilar oʼz ilmiy gʼoyalarini biznes modelga aylantirish va hayotga tatbiq etish, investorlar bilan ishlash boʼyicha amaliy koʼnikmalar Oʼzbekistonning yetakchi mahalliy va xalqaro mutaxassislari tomonidan olib borildi, qatnashchilarga tajribali tadbirkor-ustozlar biriktirildi.

Dastur marketing boshqaruvi, moliyaviy boshqaruv, biznes operatsiyalar, raqamlashtirish va elektron platformalardan samarali foydalanish, huquqiy savodxonlik va soliqchilikka oid mavzularni oʼz ichiga oldi.

Dars jarayonlari onlayn va offlayn tarzda amalga oshirilib, qoʼshimcha topshiriqlar asosida mavzular mustahkamlanib borildi. Umumiy 50 ta jamoa vakillari ishtirok etib, bilim va koʼnikmalari asosida oʼz biznes loyihalari ustida izlanish olib bordilar.

Shuningdek, bugun 28-mart kuni dastur yakunlari boʼyicha «Demo-kun» tadbiri oʼtkazilib, unda ishtirokchilar oʼz loyihalari hamda biznes rejalarini investorlarga taqdim etdilar. Hamda, startap loyihalar namoyishi va homiylar tomonidan viktorina oʼtqazilib, sovgʼalar topshirildi. "Biznes - inkubator" dasturi gʼoliblari taqdirlandi.