Deputatning fikri: Fuqarolarning hayot sifatini oshirish-ustuvor vazifa

Mamlakatimizda kam ta'minlangan, nogiron va muhtoj oilalarni moddiy qo'llab-quvvatlash, daromadlarini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish bo'yicha qator qarorlar va farmonlar qabul qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining "ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish to'g'risida" gi farmoni bu ezgu maqsadga erishishga qaratilgan. Farmonga ko'ra, joriy yilning 1 sentabridan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshirilib, eng kam ish haqi oyiga 822 000 so'm, yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori esa 565 000 so'm miqdorida belgilandi.
Pandemiya natijasida ko'plab mamlakatlarning iqtisodiy holati juda og'ir ahvolda, mamlakatda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar e'tiborga loyiqdir. Nahotki, e'tirozli munosabat yozayotganlar keyingi bir hafta ichida Prezidentimiz tomonidan og'ir sharoitda yashayotgan xalqimiz qatlami og'ini engil qilishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilinganini sezmagan bo'lsa.
Ta'kidlash joizki, pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni joriy yilning 1 mart holatiga 3 million 865 ming nafarga yaqin kishini tashkil etadi. Ushbu hujjatning istiqlolimizning 30 yilligi arafasida qabul qilinishi butun xalqimizga yanada bayramona kayfiyat bag'ishladi, deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O'rol O'razboyev.






