«Diplomatic World» jurnali ijrochi direktori hamda «Diplomatic World Institute» Markazi menejeri bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi

Oʼzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi murojaati asosida tashkil etilgan uchrashuvda Markaziy saylov komissiyasi raisi oʼrinbosari B.Kuchkarov, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi G.Raximova, MSK Xalqaro hamkorlik boʼlimi boshligʼi B.Ismoilov hamda Oʼzbekistonning Belgiyadagi elchixona maslahatchisi R.Mamatovlar ishtirok etdi.

Qayd etish joiz, Oʼzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi «Diplomatic World» rahbariyati bilan joriy yilning sentyabr oyida jurnalning Oʼzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʼishlangan maxsus sonini nashr qilish boʼyicha kelishuvga erishgan. Shundan kelib chiqib, jurnal vakillari shu yil boʼlib oʼtadigan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, jumladan saylov qonunchiligi va amaliyoti haqida maqola chop etishni maqsad qilgan.

Uchrashuvda shuningdek, saylovlarga tayyorgarlik davomida ommaviy axborot vositalari uchun saylovni yoritish, saylovda ayollar, yoshlar va nogironligi boʼlgan shaxslarning ishtirokini taʼminlash, saylov komissiyalari xodimlarini oʼqitishga qaratilgan treninglarni tashkil etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va saylovlar boʼyicha tajriba almashish maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida ham soʼz bordi.

Uchrashuv yakunida tomonlar oʼzaro hamkorlik va aloqalarning mustahkamlanishidan mamnun ekanliklarini bildirdilar.