Dmitriy Medvedev Janubiy Koreyaga tahdid qildi

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev agar Janubiy Koreya Ukrainaga yordam bera boshlasa, Moskvaning Shimoliy Koreyaga qurol yetkazib berishi bilan tahdid qildi.

“Dushmanlarimizga yordam bermoqchi boʻlgan yangi kimsalar bor. Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Kiyev rejimini qurol-yarogʻ bilan taʼminlashga tayyor ekanligini aytdi. Yaqin-yaqingacha janubiy koreyaliklar Kiyevga halokatli qurollar yetkazib berish imkoniyatini butunlay inkor etib, bunga astoydil ishontirishgan edi”, dedi Medvedev oʻzining Telegram kanalida.

Shuningdek, u Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi kelishmovchilik Janubiy Koreya va KXDR uchun ham begona emasligini eslatib oʻtdi.

“Qiziq, bu mamlakat aholisi eng yaqin qo‘shnilari – bizning hamkorimiz KXDRda Rossiya qurollarining so‘nggi namunalarini ko‘rganlarida nima deyishadi?”, deya ritorik savol qoldirdi Xavfsizlik kengashi raisi oʻrinbosari.