Dunyodagi yirik yuk tashuvchi samolyot «Jumbo Jet Boeing 747» Toshkent aeroportiga kelib qoʻndi

Jumbo Jet nomi bilan tanilgan va 105 tonna sigʻimga ega Boeing-747 My Freighter kompaniyasining birinchi shaxsiy yuk samolyoti bo’ldi.
Indoneziyada zarur texnik tekshiruvlardan oʼtkazilganidan soʼng, 2022-yil 23-oktabr kuni Toshkent aeroportida yirik Boeing 747-281F yuk tashish samolyotining tantanali qabul qilish marosimi boʼlib oʼtdi.
2019-yilda tashkil etilgan kompaniya shu paytgacha “UzAirways” kompaniyasidan ijaraga olingan samolyotlarda yuk reyslarini amalga oshirib kelgan. Yaqin kelajakda My Freighter yana beshta Boeing-747 yuk samolyotini sotib olishni, yaqin besh yil ichida esa parkni 20 ta yuk samolyotigacha yetkazishni rejalashtirgan.
Joriy yilda kompaniya yuk reyslari soni 410 taga yetdi. My Freighter Xitoyning oʻnta yirik shahrida oʻz omborlariga ega, yuk yigʻish punktlari Yevropada Chexiya, Lyuksemburg, Germaniya, Fransiya, Italiya va Niderlandiyada, shuningdek, BAAda, Janubiy Koreyada, Rossiya, Braziliya va Vyetnamda joylashgan.
Qayd etilishicha, 2022-yil 2-4-noyabr kunlari My Freighter kompaniyasi 18-xalqaro: “Transport va logistika – TransLogistic Uzbekistan 2022” koʼrgazmasida ishtirok etadi.






