Dunyoning eng yirik tashkiloti bo’lgan MÜSİAD O’zbekistonda o’z filialini ochdi

Bugun, 22-sentabr kuni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Turkiyaning “MÜSİAD” tadbirkorlar uyushmasi hamkorligida “Radisson Blu Hotel” mehmonxonasining konferens-zalida, Oʼzbekiston va Turkiya ishbilarmonlar ishtirokida biznes-forum va “B2B” formatidagi ikki tomonlama muzokaralar oʼtkazildi.
Forum davomida Turk tadbirkorlari Oʼzbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Unda mamlakatimizda faoliyat yurituvchi 150 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi. Muzokaralarda Oʼzbekiston-Turkiya savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Oʼzbekiston va Turkiya korxonalari oʼrtasida sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish boʼyicha fikr almashish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o’rinbosari Islom Jasimov hamda MÜSİAD tadbirkorlar uyushmasi Bosh raisi Mahmut Аsmali, shuningdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar nutq so’zladilar.
Ma’lumot o’rnida qayd etish joizki, Turkiyaning va dunyoning eng yirik tashkilotlaridan biri bo’lgan MÜSİAD tadbirkorlar uyushmasi kuni kecha O’zbekistonda o’z filialini ochdi.






