Dzyudochilarimiz «Katta dubulg’a» turkumiga kiruvchi musobaqada 4 ta medal qo‘lga kiritdi

Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi navbatdagi turnir yakunlanib, unda O‘zbekiston sportchilari 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
100 kilogrammdan ortiq vazn toifasida Alisher Yusupov jahon reytingining amaldagi yetakchisi tojikistonlik Temur Rahimovga imkoniyatni boy berib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu vazn toifasida ishtirok etayotgan O‘zbekistonning yana bir vakili Shohruh Baxtiyorov bronza medali uchun kechgan jangda finlyandiyalik Martti Pumalaynenni mag‘lub etdi.
Vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etayotgan Diyora Keldiyorova hal qiluvchi jangda mo‘g‘ulistonlik Sosorbaram Lkhagvasurenni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyat samarqandlik dzyudochiga 2024-yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada yo‘lida 500 reyting ochkosini olib keladi.
O‘zbekiston terma jamoasining yana bir vakili Sita Qadambayeva (-52 kg) bronza medali uchun kechgan jangda polshalik Aleksandra Kaletani mag‘lub etdi.






