EIU Dunyoning eng qimmat shaharlari reytingini e’lon qildi

“The Economist Intelligence Unit” (EIU)ning Butunjahon yashash qiymati tadqiqotiga ko‘ra, Nyu-York va Singapur dunyoning eng qimmat shaharlari deb topildi. Qayd etilishicha, Butunjahon yashash qiymati tadqiqotiga ko‘ra, dunyoning 172 ta shahrida 2022-yilda narxlar o‘rtacha 8,1 foizga ko‘tarilgan.

Nyu-York birinchi marta reytingda peshqadamlik qildi va o‘n yil ichida sakkizinchi marta reytingning yuqori pog‘onasida qayd etilgan Singapur bilan tenglashdi. Uchinchi o‘rinda esa o‘tgan yil dunyoning eng qimmat shahri deb topilgan Isroilning Tel-Aviv shahri qayd etilgan.

Reytingda shuningdek, Damashq (Suriya) va Tripoli (Liviya) eng arzon shaharlar sifatida qayd etilgan.

Nyu-York bilan bir qatorda Los-Anjeles va San-Fransisko ham dunyoning eng qimmat shaharlari o‘ntaligiga kirgan. WCOL so‘rovida AQSHning 22 shahri narxlarning tez o‘sishi va dollarning mustahkamlanishi sharoitida reytingda ko‘tarildi. Ulardan oltitasi (Atlanta, Sharlotta, Indianapolis, San-Diyego, Portlend va Boston) reytingda eng katta sakrashni namoyish qilgan o‘nta shahar qatoriga kirdi.

Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari Gʻarb sanksiyalari va energiya bozorlari rubl kursini qo‘llab-quvvatlaganligi sababli narxlarning ko‘tarilishi bilan mos ravishda 88 va 70-pog‘onaga chiqqan. Energetika inqirozi va zaiflashgan iqtisodlar yevro va boshqa mahalliy valyutalar qiymatini pasaytirgani sababli Yevropaning aksariyat shaharlari reytingdan tushib ketdi.

Stokgolm, Lyuksemburg va Lion reytingda eng ko‘p tushib ketgan. Biroq, shunga qaramay, mintaqada ko‘plab qiymatlar tez ko‘tarilgan. Gʻarbiy Yevropa shaharlarida gaz va elektr narxi mahalliy valyutada o‘rtacha 29 foizga oshdi, chunki mintaqa Rossiya energiyasidan voz kechishga harakat qilmoqda. Yuqoridagi ikki energiya manbasining global o‘rtacha narxi esa 2022-yilda 11 foizga o‘sgan.