Eksport hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammo va kamchiliklar bartaraf etilmoqda

Senatning 28-yalpi majlisida eksport hajmining barqaror o‘sishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Hukumatga kiritilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Majlisda Hukumat tomonidan eksport hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilganligi taʼkidlandi.
Xususan, parlament so‘rovi munosabati bilan aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida tegishli huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqarishning normativ-huquqiy bazasini kompleks tizimlashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hujjat loyihasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tizimlashtirishga qaratilgan.
Parlament so‘rovi natijasida tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimi faoliyatida uzilishlarning oldini olish choralari ko‘rilgan. Xususan, dastur Davlat bojxona qo‘mitasining eskirgan serverlaridan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida o‘rnatilgan zamonaviy yuqori tezlikdagi serverlarga o‘tkazilgan.
Shu bilan birga, senatorlar sohada ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligini, ularning bartaraf etilishi eksport hajmini yana-da oshirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Majlisda, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan eksportchi korxonalarga qo‘shimcha qiymat solig‘i summasini qoplash tizimini joriy etishdagi muammolar tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, senatorlar O‘zbekistonda sug‘urta faoliyati va eksportdan oldin moliyalashtirishning zamonaviy xalqaro standartlarini imkon qadar tezroq joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini taʼkidladilar.
Muhokamalar yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.






