Eksport va investitsiyaviy faoliyatni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqildi

Joriy yilning 6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida videokonferensiya shaklida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari, shuningdek, investitsiyalarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Mavjud muammolar tahlili va ularning yechimini nazarda tutgan holda to‘la quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish muhimligi qayd etildi. Mas’ul rahbarlarga ishlab chiqaruvchilarni loyiha quvvatlariga olib chiqish bo‘yicha aniq tadbirlarni mujassam etgan manzilli “Yo‘l xaritalarini” shakllantirish va tasdiqlash topshirildi.

Yig‘ilishda vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, mahalliy hokimiyat organlari va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ko‘rib chiqilgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zilarining kelgusidagi rejalari haqida hisobot berib, belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar olishdi.