Elchixona Oʼzbekiston fuqarolarini Ukrainadan xavfsiz olib chiqish uchun barcha zarur choralarni koʼrmoqda

Аyrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Ukraina oliy oʼquv yurtlarida tahsil olayotgan Oʼzbekiston fuqarolari yertoʼlalarda qolishga majbur boʼlayotgani, ularga birinchi zarur mahsulotlar yetishmay qolgani toʼgʼrisida maʼlumotlar tarqalayotgani yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili izoh berdi.
Oʼzbekistonning Ukrainadagi Elchixonasi vaziyat qay darajada murakkab boʼlishidan qatʼi nazar ushbu mamlakatda boʼlib turgan vatandoshlarimizni evakuatsiya qilishni tashkil etish boʼyicha kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Diplomatik missiya vakillari yurtdoshlarimiz bilan doimiy aloqa oʼrnatib, yuzaga kelayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etib kelmoqda. Xarkovda boʼlib turgan Elchixona masʼul xodimi oʼzbekistonlik talabalar bilan bevosita muloqotda boʼlib, ularning barcha masalalarini hal etmoqda.
Elchixona hamda Ukrainadagi diasporamiz vakillari koʼmagida Xarkov va Zaporoje shaharlarida boʼlib turgan oʼzbekistonlik talabalar uch mahal ovqat bilan taʼminlanmoqda. Shu bilan birga, Zaporoje milliy universiteti rahbariyati ham talabalarga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Bundan tashqari, Xerson, Xmelnitskiy, Dnepr va Odessa shaharlarida tahsil olayotgan talabalar masalalari diaspora koʼmagida hal etilmoqda.
Аyni paytda Ukraina shaharlari oʼrtasidagi avtomobil va temir yoʼl aloqalari butunlay faoliyatini toʼxtatgan. Bunday sharoitda Ukrainaning sharqiy va markaziy viloyatlaridan vatandoshlarni Polsha bilan chegaradosh Lvov shahriga xavfsiz yetkazishni tashkil etishning vaqtincha iloji boʼlmayapti.
Ammo, Elchixona yaqin kunlarda Oʼzbekiston fuqarolarini Ukrainadan xavfsiz olib chiqish uchun barcha zarur choralarni koʼrmoqda.






