Elektron kooperatsiya portali orqali jami 75,9 milliard soʼmlik 467 shartnoma tuzildi

Jizzax shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda tashkil etilgan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boʼlib oʼtdi.
Yarmarkada Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari, shuningdek, Jizzax viloyati va mamlakatimizning boshqa hududlaridan kelgan tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ishtirok etdi.
Yarmarkada jami 775 ta tarmoq va hududiy korxonalar ishtirok etib, ulardan 142 tasi 3000 dan ortiq turdagi mahalliy mahsulotlarni taqdim qildi.
Yarmarkada ishtirok etgan tarmoq birlashmalari, xususan, "Oʼzeltexsanoat", "Oʼztukimachiliksanoat" va Farmasevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi hamda bir qator tijorat banklari rahbarlari tomonidan tegishli tarmoqlarning investitsiyaviy va sanoat salohiyati, turli hududlarda ishlab chiqarishning oʼziga xos xususiyatlari, shuningdek, tadbirkorlar va eksportchilarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʼgʼrisida taqdimotlar oʼtkazildi.
Yarmarka doirasida vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlaridan iborat ishchi guruh «Newland», «ADM Jizzax», «Global Optical Communication Uzbekistan», «Minguan Silu Industry», «Master building products», «Jada Color Tekstil» kabi mahalliy sanoat korxonalariga tashrif buyurib, ishlab chiqarishning texnologik jarayoni bilan tanishdi, korxona rahbar va xodimlari bilan suhbatlashdi.
Yarmarka yakunlari boʼyicha Elektron kooperatsiya portali orqali jami 75,9 milliard soʼmlik 467 shartnoma tuzildi. Ulardan hududiy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati 60,2 mlrd. soʼmni tashkil qilgan boʼlsa, tarmoq korxonalari tomonidan tuzilgan shartnomalar qiymati 15,7 mlrd. soʼmni tashkil etdi.






