«Elektron tijorat toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni koʼrib chiqildi

Senatorlar “Elektron tijorat toʼgʼrisida”gi Qonun yaqin kelajakda shaffof va ochiq holda sotuvchilar va xaridorlar oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri shartnomaviy munosabatlarni oʼrnatish, xalqaro standartlarga javob beradigan texnologik bozor infratuzilmasini yaratishga koʼmak berishini taʼkidlab oʼtdilar.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʼnggi 5 yilda elektron tijorat sohasida yalpi ishlab chiqarish hajmi 48 barobarga oshib, 1,1 trln. soʼmni tashkil qilmoqda. Lekin, “Elektron tijorat toʼgʼrisida”gi 2015-yilda qabul qilingan amaldagi Qonun ishlab chiqilgan davrda bu imkoniyatlar yetarli darajada rivojlanmagan edi.

Qolaversa, jahon boʼylab koronavirusning keng tarqalishi dunyo aholisining elektron tijoratga boʼlgan talabini yanada oshirdi. Natijada onlayn savdo qilish tizimi yil sayin oʼsib bormoqda. Birgina 2020 yilda elektron tijorat savdo hajmi Xitoyda 24,9 foizga, Janubiy Koreyada 25,9 foizga, АQShda 14 foizga va Singapurda 11,7 foizga oshgan. Oʼzbekistonda esa elektron tijorat hajmi 80 foizga oʼsgan.

Majlisda qayd etilishicha, amaldagi qonunda sohaning rivojlanishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar koʼzda tutilmagan. Xususan, barcha elektron tijorat subyektlari qamrab olinmagan, elektron tijoratga oid hujjatlarni almashish, toʼlov mexanizmlari va tovarlarni qaytarish masalalarini amaliyotda qoʼllashda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.

Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat toʼgʼrisida”gi Qonun “Raqamli Oʼzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsadlar asosida ishlab chiqilgan boʼlib, unda elektron shartnomalarni tuzishning aniq tartibi belgilanmoqda. Jumladan, elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qoʼyiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi hamda elektron shartnomalarni tuzish shartlari huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʼyilmoqda.