Endi Twitterda 4000 ta belgili postlar yozib qoldirish mumkin

Twitter endi bitta post uchun belgilar soni 4000 tagacha oshirilganligini e'lon qildi. Biroq, bu faqat pulli obunaga ega foydalanuvchilar uchun. Qolaversa, funksiya hozircha faqat Amerikada ishlamoqda.

Ma'lum bo'lishicha, uzun tvitlar uchun ham ko'plab standart funksiyalar ishlashda davom etadi. Masalan, bunday tvitlarga rasmlar biriktirish, ularda heshteglardan foydalanish yoki so'rovnomalar yaratish mumkin. Ammo hozircha Twitterning veb-sahifasida uzun tvitlarni qoralama (draft) sifatida saqlash yoki keyinroq yuborish uchun rejalashtirishning iloji yo'q.

Shuningdek, “Blue” obunasi egalari uzun tvitlarni boshqalarning postlariga izoh yoki javob sifatida yozishlari mumkin. Albatta, Twitterning pulli obunasiga ega bo'lmaganlar ham uzun tvitlarni o'qishlari, ularga izoh qoldirishlari, javob yozishlari va ularni o'zlari uchun retvit qilishlari mumkin.

Ta'kidlash joizki, uzun tvitlar lentada qisqa tvitlar kabi ko'rinadi, ya'ni ular 280 belgidan so'ng yopilgan holda paydo bo'ladi. Ularning davomini o'qish uchun "Show more" tugmasini bosish kerak bo'ladi.