Endilikda inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi qonun bilan mustahkamlanadi

20 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, uning mazmun-mohiyatini mas’ullar ishtirokida muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, ilgari yurtimizda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmasligi oqibatida ko‘pchilik bemor yurtdoshlarimiz xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga davolanar edi. Hatto ayrimlari bevaqt vafot etardi.

E’tiborlisi, so‘ngi yillarda mazkur sohada olib borilgan islohotlar mamlakatimizda buyrak, jigar va o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratdi. Natijada bugungi kungacha yurtimizda 700 dan ortiq ana shunday operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya’ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.

Istiqbolda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa yiliga 50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan.

Shuningdek, davra suhbatida ana shunday jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan yurtdoshlarimiz bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgani xalqimiz salomatligini muhofaza qilish hamda ularga qulayliklar yaratilishida muhim hujjat bo‘lishini ta’kidladilar.