Eng katta masala - mutaxassis yetishmasligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni charm-poyabzal sanoatidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu soha xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishda katta o‘ringa ega. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan texnologik yangilash va mahalliylashtirish natijasida tarmoq sezilarli rivojlandi. Masalan, 2017-yilda 760 milliard so‘mlik charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 4 trillion 415 milliard so‘mni tashkil etgan. Shu davrda eksport hajmi 105 million dollardan 421 million dollarga yetgan. Ya’ni, ishlab chiqarish qariyb 6 barobar, eksport 4 barobar o‘sgan. Tayyor mahsulotlar ulushi ham 32 foizdan 78 foizga ko‘paygan.

Shu bilan birga, hali bu tarmoqda ishga solinmagan imkoniyatlar juda ko‘p. Lekin ayrim muammolar ishlab chiqaruvchilarga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Jumladan, xomashyo hisobini yuritish tizimi yo‘q, avtomatlashgan kushxonalar kamligi teri sifatiga ta’sir qilmoqda. Dizayner, texnolog va malakali tikuvchilar, zamonaviy uskuna, kimyoviy vosita va butlovchi qismlar yetishmaydi.

Qayd etilganidek, bu yil charm-poyabzal mahsulotlari eksportini 500 million dollar, kelgusi 3 yilda 1 milliard 200 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

"Bu juda katta marra, bu maqsadga erishish uchun bozor ham bor, katta miqdorda xomashyo ham bor, talabgor ham bor. Faqat buning uchun tadbirkorlarga barcha sharoitlarni yaratib berish kerak",-deya ta'kidladi Prezident.

Shu maqsadda avval berilgan soliq va bojxona imtiyozlari 2026-yilgacha uzaytirilishi belgilandi. Shuningdek, chet ellik mutaxassislarni jalb etish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. Chet ellarda ulgurji ombor va savdo uylari tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi, buning uchun xorijiy valyutada 3 yilga 4 foizlik kreditlar ajratilishi belgilandi.

Bugungi kunda yurtimizda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlari hajmida ayollar poyabzali ulushi 23 foiz, bolalar poyabzali 8 foizni tashkil etadi, xolos. Shu bois bu yo‘nalishni ham soliq imtiyozi orqali rag‘batlantirishga ko‘rsatma berildi.

"Eng katta masala - mutaxassis yetishmasligi. Shuning uchun barcha hududlar bu borada aniq reja qilib, joylarda kadrlarni o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak", - dedi Prezident.

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida zamonaviy O‘quv-ishlab chiqarish laboratoriyasi tashkil etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish, o‘rta bo‘g‘in ishchilarini tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.