Eron BMTning ayollar bo‘yicha komissiyasidan chetlatildi

CNN xabariga ko’ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Eronni ayollar huquqlarini himoya qiluvchi asosiy tashkilotdan chetlatdi.

Qayd etilishicha, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining yigirma to‘qqiz a’zosi 14-dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan taklif etilgan "Eron Islom Respublikasini 2022-2026-yillardagi muddat davomida Ayollar maqomi bo‘yicha komissiya tarkibidan zudlik bilan chiqarib tashlash to‘g‘risid"gi rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan. Sakkiz a’zo davlat rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan, 16 nafari esa betaraf qolgan.

Eron hukumati esa AQSH rezolyutsiyasini qoralab, uni "noqonuniy talab" deb atagan va BMTda qonun ustuvorligini zaiflashtirayotganini ta’kidlagan.

Ma'lumot o’rnida, Eron aprel oyida ushbu organga saylanganidan so‘ng, global miqyosda gender tengligini himoya qilish uchun yaratilgan 45 a’zolik Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyaning to‘rt yillik vakolatini endigina boshlagandi.