Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini almashtirish vaqtincha to‘xtatiladi

Haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati texnik-profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan 19-martdan 2-aprel kunigacha vaqtincha ko‘rsatilmaydi.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-son qarori bilan milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalari joriy etilgan edi.

Dastlabki hisob kitoblarga ko‘ra, har bir guvohnoma almashtirish punktiga kuniga 55-60 nafardan fuqaro murojaat qilganda to‘liq qamrov uchun o‘rtacha 4 yil vaqt sarf qilinishi rejalashtirilgan edi. Hozirda esa, bir kunda 500-600 nafar fuqaro murojaat qilmoqda.

Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, haydovchilik guvohnomasini almashtirish xizmati texnik-profilaktik tadbirlar o‘tkazilishi munosabati bilan 19-martdan – 2 aprel kunigacha vaqtincha ko‘rsatilmaydi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, respublika bo‘yicha eski namunadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan haydovchilar soni – qariyb 5,7 million nafarni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, eski haydovchilik guvohnomalarini majburiy almashtirish muddatlari Hukumat tomonidan 2 marotaba (dastlab, 2020-yildan – 2021-yilning oxiriga qadar, keyinchalik 2021-yildan – 2022-yilning so‘ngiga qadar) uzaytirilgan.

Shuningdek, haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish hajmini yil davomida bir maromda taqsimlash, ularning yil yakunida almashtirish joylarida to‘planib qolishlarining oldini olish maqsadida guvohnomalarni almashtirishning yakuniy muddatlari tabaqalashtirildi (masalan, 2010-yilgacha olingan guvohnomalar 2022-yilning apreliga qadar, 2012-yilgachalari – 2022-yilning iyul oyiga qadar) Ushbu muddatlarda almashtirilmagan haydovchilik guvohnomalari haqiqiy emas deb topilishi belgilandi.