Endi 11,99 dollar evaziga Facebook va Instagramda Verified ko'k belgisini olish mumkin

Meta bosh direktori Mark Zukerbergning ma’lum qilishicha, Facebook va Instagram obunachilari uchun foydalanuvchi nomi yonida ko‘k chek olish hamda boshqa xizmatlardan foydalanish imkonini beruvchi "Meta Verified" pullik tekshirish xizmati ishga tushirildi. "Meta Verified" obunasi veb-saytda xarid qilinganda AQShda 11,99 dollar va iOS ilovalarida 15 dollarni tashkil etadi.
Zukerbergning qayd etishicha, obuna foydalanuvchilarga xakerlik hujumlaridan qo‘shimcha himoya va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmatiga bevosita kirish imkonini beradi. Yangi obuna funksiyasi Avstraliya va Yangi Zelandiyada sinovdan o'tkaziladi. Keyinchalik u boshqa mamlakatlarda qo’llaniladi.
Qayd etilishicha, xizmatni olish uchun 18 yoshdan oshgan foydalanuvchilar rasmiy identifikatsiyani taqdim etishlari, uning tafsilotlari esa hisobdagi ma'lumotlarga mos kelishi kerak. Tekshiruvdan so'ng, hisob nomini, foydalanuvchi nomini, tug'ilgan sanasini yoki fotosuratni qayta tasdiqlamasdan o'zgartirish mumkin bo'lmaydi.
Yangi xizmatning ishga tushirilishi avval tekshirilgan akkauntlarga ta'sir qilmaydi. Bundan tashqari, obuna korporativ hisoblarga taalluqli emas.
Ta’kidlash joizki, pullik tekshirish Twitter rahbari Ilon Mask 2022-yil noyabr oyida shunga o‘xshash tizimni yo’lga qo’yganidan so‘ng joriy qilinmoqda, biroq bu dastlab salbiy natija berib, ko’plab reklama beruvchilarni xavotirga solgan edi.






