Fargʼona viloyati tadbirkorlari va eksportchilariga koʼmak berilmoqda

Joriy yilning 5-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʼyicha Hukumat komissiyasi Fargʼona viloyatiga yoʼl oldi.
Viloyatga tashrif davomida Fargʼonadagi "Tadbirkorlar saroyi"da hudud ishbilarmonlari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda viloyat tadbirkorlari va eksportchilari xoʼjalik faoliyati jarayonida duch kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish va eksport qilish jarayonida duch kelingan xususiy va tizimli tusdagi masalalarni muhokamaga qoʼyish imkoniga ega boʼlgan 300 dan ortiq tadbirkorlar qatnashdi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʼyicha konstruktiv takliflari ham batafsil koʼrib chiqildi, ularning aksariyati oʼrganish, tahlil qilish va kelgusida hayotga tatbiq etish uchun qabul qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari toʼgʼridan-toʼgʼri muloqotning ushbu formatini mamnuniyat bilan qabul qilib, hukumat vakillari va biznes olami oʼrtasidagi muntazam muloqot ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʼbatlantirish hamda barqaror iqtisodiy oʼsishni taʼminlashda muhim omil boʼlayotganini taʼkidladilar.
Shuningdek, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga ishbilarmon doiralar bilan doimiy va tizimli hamkorlik qilish borasida faol choralarni koʼrish, yuzaga keladigan barcha masalalarni zudlik bilan hal qilish va kelib tushayotgan murojaatlarga samarali javob berish yuzasidan topshiriqlar berildi.






