Farg‘onadan katta natijalar kutamiz - Prezident

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Farg‘ona shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Farg‘onaliklarning tadbirkorligi, mirishkorligi tufayli sezilarli natijalarga erishilmoqda. Xususan, oxirgi bir yilda 10 mingdan ziyod kichik korxonalar tashil etilgan. Eksport hajmi 44 foizga oshib, 801 million dollarga yetgan.
Quvasoy shahridagi “Kvars” korxonasida 70 million dollar investitsiya hisobidan, yiliga 22 million kvadrat metr qurilish oynasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘shtepadagi “Global tekstil infiniti” korxonasida tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 120 million yevrolik loyiha jadal amalga oshirilmoqda. Korxona to‘rtinchi chorakda ishga tushib, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
“Biz to‘g‘ri yo‘lni tanlab oldik. Bu joylarda o‘z natijasini berayapti. Farg‘ona viloyati 801 million dollarlik eksport qilgan. Ish boshlaganimizda 50 million dollarni mo‘ljallar edik. Hozir 1 milliard dollar eksport to‘g‘risida gaplashyapmiz. Bu - viloyat mahsulotlari dunyo bozoriga raqobatbardosh bo‘lib kirib boryapti, degani. Buning uchun aql, bilim, shijoat kerak. Joriy yil yakuni bo‘yicha mahalliy budjetda 1 trillion so‘m qolishi kutilyapti. Buning evaziga odamlarga sharoit, tadbirkorlik infratuzilmasi bo‘ladi. Endi bu yo‘lni davom ettirishimiz kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev
Aholi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, har bir mahallaning ixtisoslashuvi rivojlantirilishi, joriy yilda 147 ming fuqaro bandligini ta’minlash uchun 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi aytildi.
Shuningdek, uy-joy va yo‘llar qurish, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, maktab va bog‘chalarni ta’mirlash bo‘yicha rejalar ma’lum qilindi.
“Biz Farg‘onadan katta natijalar kutamiz. Bu el tarixdan ilm, tartib, madaniyat, hunarmandlik bo‘yicha namuna bo‘lgan. Farg‘onaliklar mehnatsevar, ishbilarmon. Bu salohiyatni, ichki imkoniyatlarimizni to‘liq yo‘lga qo‘yib, xalqimizni rozi qilish kerak”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari.






