Fargʼonadan Qirgʼizistonga mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi

Kecha, 26-yanvardan boshlab “Fargʼona – Quvasoy – Qizil-qiya” xalqaro yoʼnalishida mikroavtobus qatnovi qayta tiklandi.

Transport vazirligiga koʼra, 2020-yilgacha mavjud boʼlgan mazkur qatnov, pandemiya davri cheklovlarida toʼxtab qolgan edi. Shuningdek, qayd etilishicha, umumiy masofa 39,5 kmni tashkil etib, yoʼlkira narxi 12 ming soʼm etib belgilandi.

Mikroavtobuslar harakati Qizil-qiya va Fargʼonadan tongi soat 7:20 da boshlanishi nazarda tutilgan. Kelgusida aholi talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda qatnovlarni koʼpaytirish rejalashtirilgan.